A
x up auto down

«RRTM» DUK rahbar va zaxira kadrlari malaka oshirish kurslarida bilimlarini oshirishdi

“Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” davlat unitar korxonasining kadrlar malakalarini oshirish, o‘qitish va qayta tayyorlash bo‘yicha 2017 yil rejasiga muvofiq, 24-29 aprel kunlari korxonaning rahbar va zaxira kadrlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasida malaka oshirish o‘quv kurslarida ishtirok etishdi.

O‘quv jarayonida tinglovchilar davlat boshqaruvini tashkil qilish, menejmentning zamonaviy usullari, bozor iqtisodiyoti, marketing, boshqaruvning huquqiy asoslari, boshqaruv psixologiyasi, kadrlarni tanlash va baholashning zamonaviy usullari kabi yo‘nalishlarda o‘z bilim va malakalarini oshirishdi.

O‘quv kurslari muassasaning malakali o‘qituvchilari tomonidan ilg‘or pedogogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalangan holda boshqaruv kadrlarini tayyorlash bo‘yicha zamonaviy xalqaro standartlar va usullar, test va ta’lim berish sifatini baholash tizimlarini joriy qilingan holda tashkil etildi.

O‘quv kursi yakunida tinglovchilarga maxsus sertifikatlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda so‘zga chiqqanlar tomonidan mamlakatimizda bugungi kunda boshqaruv kadrlarni tayyorlash ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanligi, ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasiga muhim vazifalar yuklatilganligi, bu borada tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligi, jumladan ushbu o‘quv kursi ham yuqori saviyada tashkil etilganligi, unda olingan bilimlarni kelgusi faoliyatda qo‘llash va tadbiq etish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlab o‘tildi. Tinglovchilar tomonidan o‘quv jarayoni bo‘yicha fikr va mulohazalar bildirildi.