A
x up auto down

Joriy yilning may oyida tog’li aholi punktlarida yangi raqamli teleuzatkichlar ishga tushirildi

“Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi yer usti raqamli televideniye tarmog‘ini rivojlantirish” investitsion loyihasini amalga oshirish doirasida Ruspublikada DVB-T2 standartidagi raqamli teleuzatkichlarni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Yangi raqamli teleuzatkichlarni o‘rnatib, ishga tushirish natijasida bugunga kelib, aholini raqamli telesignallar bilan qamrovi 96% dan oshdi. Joriy yilning yakuniga qadar Respublika aholisini to‘liq raqamli teledasturlar bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Hozirgi kunda mamlakatimizning olis, borish qiyin bo‘lgan va tog‘li aholi yashash manzillariga raqamli teleuzatkichlarni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Ushbu hududlarga teledasturlar yer sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimlaridan foydalangan holda uzatib beriladi. Bu bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Respublikaning tog‘li va borish qiyin bo‘lgan aholi yashash maskanlarini o‘rganish natijasida, yuqori quvvatli radiotelevizion stansiyalardan uzatilayotgan raqamli signallarni qabul qilib aholiga uzatib berish imkoni mavjud bo‘lgan hududlar aniqlanib, ushbu punktlarga kam quvvatli raqamli teleuzatkichlar o‘rnatilib ishga tushirilmoqda. Jumladan, 2017 yilning may oyi davomida Toshkent viloyatining Samarchug‘, Xorazm viloyatining Sarimoy, Jizzax viloyatining Suvqo‘shiluv, Samarqand viloyatining Qarnab, Surxondaryo viloyatining Qorabo‘yin, Poshxurt, Fayzavasoy, Yuqori Machay tog‘li aholi punktlariga kam quvvatli raqamli teleuzatkichlar o‘rnatilib, hududlar aholisiga ochiq to‘plam tarkibidagi davlat teleradiodasturlarini raqamli formatda uzatib berish yo‘lga qo‘yildi. 2017 yilning boshidan jami 31 ta ana shunday aholi punktlariga kam quvvatli raqamli teleuzatkichlar o’rnatilib ishga tushirilgan.