A
x up auto down

O'zbekistonda o'ta yuqori sifatli 4K formatidagi teledasturlarni efirga uzatish bo'yicha poydevor yaratilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2018 yil yurtimizda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tashabbusi bilan “RRTM” DUK mutaxassislari raqamli televideniye yo‘nalishida yangi turdagi zamonaviy va o‘ta yuqori sifatli 4K Ultra HD (Ultra High Definition) formatini joriy qilish yuzasidan izlanishlar olib bordi.

Mamlakatimiz mustaqilligining 27 yillik bayrami arafasida “RRTM” DUK tomonidan Toshkent shahrida o‘rnatilgan raqamli teleuzatkichlar yordamida o‘ta yuqori sifatli 4K formatidagi teledasturlarni efirga uzatish bo‘yicha texnik tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi.

Raqamli televideniyening yuqori aniqlikdagi teledasturlarni uzatish imkoniyatidan foydalanish bo‘yicha ishlar mamlakatimizdan Respublikada raqamli televideniyeni joriy etishning ilk davrlaridan boshlab amalga oshirib kelinmoqda. 2011 yilning 25 noyabrda Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib yuqori sifatli HD formatidagi teledasturlar efirga uzatilishi boshlangandi. Endi bo‘lsa, 2018 yilning 1 sentyabridan boshlab o‘ta yuqori sifatli 4 K formatidagi teledasturlarni efirga uzatilishi yo‘lga qo‘yilmoqda.

“RRTM” DUK mutaxassislari tomonidan “SES” (Lyuksemburg) kompaniyasi mutuxassislari bilan hamkorlikda ishlar tashkil etilib, Kompaniyaning «Astra-5B» sun’iy yo‘ldoshi orqali 4K formatida uzatilayotgan tajribaviy telekanal signallari texnik qurilmalar yordamida qabul qilinib, Toshkent teleminorasida o‘rnatilgan raqamli teleuzatkichlar orqali efirga uzatish jarayoni sinovdan o‘tkazildi.

O‘tkazilgan sinovlar natijasida o‘rnatilgan raqamli qurilmalar yangi 4K formatidagi teledasturlarni uzatish imkoniyatiga ega ekanligi hamda signallarning texnik parametrlari aniqlandi. 

Ushbu tajriba-sinov ishlari teledasturlarni yangi formatda uzatib berish ishlariga tayyorgarlik ko‘rish, texnik qurilmalarning imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazish maqsadida amalga oshirildi. Sinov jarayonida kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan texnik tadbirlar, kelgusi rejalar aniqlab olindi. Ushbu yo'nalishdagi ishlar yana davom ettiriladi.

Shu o‘rinda qayd etib o‘tish kerakki, 4K formati yangi format bo‘lganligi, bugungi kunda mamlakatimizda ushbu formatni qabul qila oladigan va qo‘llab-quvvatlovchi qurilma va televizorlar keng tarqalmaganligi bois, 4K formatidagi teledasturlarni ko‘ruvchi tomoshabinlar auditoriyasi keng bo'lmasligi mumkin.