A
x up auto down

“RRTM” DUKda xalqaro standartlar asosidagi sifat menejmenti tizimlari joriy etildi.

Bugun mamlakatimizda ko‘plab korxona va tashkilotlar xalqaro standartlar asosidagi sifat menejmenti tizimining sertifikatiga muvofiq faoliyat yuritmoqda. Bu sifat sohasida barqaror ko‘rsatkichlarga erishish, xodimlar malakasini yuqori darajada saqlash, raqobatbardosh, eksportbop mahsulot va xizmatlarni ko‘paytirishga yordam bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 22 iyulda qabul qilingan «Korxonalarda xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lgan sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» va 2009 yil 19 iyundagi «Respublika korxonalarida xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lgan sifatni boshqarish tizimlarini joriy etishni kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorlari sifat menejmenti tizimini barcha hududlarda keng joriy etish uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda muvaffaqiyatning sharti faoliyatda menejmentning samarali tizimlarini joriy etish, ularga muvofiqlik sertifikatlari esa tashkilot va korxonalar uchun iste’molchilar tomonidan ishonchning asosiy omillaridan biri, tender va tanlovlarda ishtirok etish, xorijiy hamkorlar bilan hamkorlikning zarur sharti hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimidagi “Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” davlat unitar korxonasi Respublikada teleradio dasturlarini uzatish tizimlarini rivojlantirish va teleradioeshittirishlarni Respublika hududiga uzatib berish bo‘yicha Davlat dasturlarini amalga oshirish faoliyatini amalga oshirib kelmoqda. Korxona bugungi kunda davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalarining teleradio dasturlari va teleradiokanallarini shartnoma asosida yer usti teleradio tarmoqlari, yer sun’iy yo‘ldoshi aloqa tizimlari va stansiyalaridan foydalangan holda uzatish, teleradiosignallarni qonunchilikda belgilangan tartibda chet el korxonalari va tashkilotlari bilan shartnomalar asosida eksport qilishni tashkillashtirish xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda.
Korxona tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati, ishonchliligi va raqobatbardoshligini ta’minlash, xalqaro standartlarga mos keluvchi xizmatlarni ko‘rsatish, shu asosda hamkor va iste’molchilarning qanoatlanishini ta’minlash, natijada xizmat ko‘rsatish bozorlarini kengaytirish, iqtisodiy samaradorlikka erishish, texnik va texnologik jarayonlarning xavfsizligi va ishonchliligini ta’minlash orqali xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish maqsadida, “RRTM” DUK rahbariyati tashabbusi bilan, korxonada ISO 9001:2015 xalqoro sifat boshqaruvi tamoyillarini joriy etish va sertifikatlashtirishga qaror qilindi. Ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun joriy yil yakuniga qadar Korxona oldiga sifat menejmenti tizimida sertifikatlashtirilgan auditni joriy qilish va o‘tkazish orqali ISO 9001:2015 xalqaro standarti talablariga muvofiqlikni aniqlash va joriy etish bo‘yicha vazifa belgilangan edi.
ISO 9001 – bu xalqaro standart bo‘lib, korhonalarni boshqarishda sifatni boshqarish sohasidagi dunyoning ilg‘or tajribalarini o‘z ichiga olgan talablar majmui hisoblanadi.
“RRTM” DUKda ISO 9001:2015 xalqaro sifat menejmentini joriy etish ishlari “Alfakon Systems” konsalting kompaniyasi bilan hamkorlikda olib borildi. Korxonaning barcha xodimlari tomonidan tizimni joriy etish ishlariga faollik va mas’uliyat bilan yondoshilganligi natijasida, “RRTM” DUK faoliyatini xalqaro standart talablariga muvofiqlashtirish tadbirlari muvaffaqiyatli va sifatli bajarilishiga erishildi.
Sifat menejmenti tizimi loyihalarini amalga oshirishda vazifalarni bajarish uchun javobgarlik taqsimlanib, bo‘limlar to‘g‘risidagi qoidalar, lavozim va ish yo‘riqnomalari, rejalar qayta ko‘rib chiqildi hamda bajarilgan ishlar sifati to‘g‘risida hisobot yuritilishi va baholab borilishi yo‘lga qo‘yildi.
“RRTM” DUK faoliyatining xalqaro sifat menejmenti tizimi talablariga muvofiqligini o‘rganish maqsadida, 2017 yilning 11-13 dekabr kunlari “CERT International” kompaniyasi mutaxassislaridan iborat xalqaro audit tomonidan “RRTM” DUKda o‘rganish ishlari tashkil etildi hamda natijalar ijobiy baholandi.
2017 yilning 26 dekabr kuni “RRTM” DUK markaziy binosida ISO 9001:2015 xalqaro sifat menejmenti tizimining muvofiqlik sertifikatini topshirish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda “RRTM” DUK rahbariyati va bosh bo‘linma xodimlari, “Alfakon Systems” konsalting kompaniyasi direktori N. Alaxodjayeva ishtirok etishdi. “CERT International” kompaniyasi bosh auditori, “CERT GROUP”ning xalqaro rivojlantirish bo‘yicha direktori R.Ibragimov tomonidan “RRTM” DUKda sifat menejmenti tizimini joriy etish bo‘yicha olib borilgan ishlar e’tirof etilib, Korxona Bosh direktori A. Gaziyevga muvofiqlik sertifikati topshirildi. R. Ibragimov Korxona xodimlarini xalqaro sifat menejmenti sertifikatini olishgani bilan tabriklab, samimiy qutladi. Sertifikat topshirish marosimida so‘zga chiqqanlar o‘z fikr va mulohazalarini bildirib o‘tishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar sifat menejmenti tizimini joriy etilganligi Korxonaning butun tuzilmasi bo‘yicha xodimlar javobgarligini aniq taqsimlash va hujjatlashtirilgan tartibni aniqlashga imkon berishi, bu o‘z navbatida xodimlarni boshqarish, ularning mas’uliyatlilik va javobgarlik sifatlarini oshirishni ta’minlashi, marketing rivojlanishiga, taqdim etiladigan xizmatlar sifati yaxshilanishi va ko‘lami kengayishiga yordam berishi, shuningdek, korxona imijini ta’minlashi, bu esa telekommunikatsiya xizmatlari bozorida raqobatbardoshlikni ta’minlash uchun juda muhim ekanligini bildirib o‘tishdi. 
Korxonaga taqdim etilgan sifat menejmenti tizimi sertifikati korxona tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar xalqaro sifat talablari va xalqaro standartlarga javob berishi, ularning xizmatlar bozorida munosib o‘rinni egallashida muhim rol o‘ynaydi. Korxonada sifat boshqaruvi tizimini (SBT) joriy etilganligi ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati uchun kafolat bo‘lib xizmat qiladi.