A
x up auto down

O'zbekistonda analog teledasturlar efiri to'liq to'xtatildi

2017 yilning 17 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Raqamli teleeshittirishlarga o‘tish va yer usti analog teleeshittirishlarni to‘xtatishga doir  chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 502-son qarori qabul qilingan. Mazkur qarorda O‘zbekiston Respublikasida yer usti analog teleeshittirishlarni bosqichma-bosqich to‘xtatish jadvali  tasdiqlangan bo‘lib unga ko‘ra, 2018 yilning 15 yanvaridan boshlab to 5 dekabriga qadar butun respublika bo‘ylab analog formatdagi barcha teleeshittirishlar to‘xtatilishi belgilangan edi.

Joriy yilning 5 dekabr kuni Qashqadaryo viloyatida analog formatida tarqatib kelingan teledasturlar efiri to'xtatildi. Endilikda teledasturlarni faqatgina raqamli formatda ko'rish imkoni mavjud. Qashqadaryo viloyatida analog teledasturlar o'chirilishi bilan, Respublikada analog teleeshittirishlarni to'xtatish ishlari yakunlandi. Ya'ni, butun O'zbekiston bo'ylab efir orqali uzatilgan analog teledasturlar to'liq to'xtatildi.

Raqamli teledasturlarni ko'rish uchun eski rusumdagi televizorlarga raqamli tyuner qurilmasini ulash talab etiladi. Zamonaviy televizorlarda esa qo'shimcha qurilmalarni ulash talab etilmaydi.

Ma'lumot uchun, joriy yilning 15 yanvaridan Andijon, Farg'ona, Namangan va Toshkent viloyatlari, 15 apreldan Sirdaryo viloyati, 15 maydan Jizzax viloyati, 1 iyundan Samarqand viloyati, 15 iyundan Buxoro va Navoiy viloyatlari, 1 iyuldan Xorazm viloyati, 15 iyuldan Toshkent shahri, 10 sentyabrdan Qoraqalpog'iston Respublikasi, 5 dekabrdan Qashqadaryo viloyatida efir orqali uzatilayotgan analog formatdagi teledasturlar efiri to'liq to'xtatilgandi.