A
x up auto down

Xodimlar va ularning oila a’zolari uchun Temuriylar tarixi davlat muzeyiga ekskursiya uyushtirildi

“RRTM” DUK rahbariyati va Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tashabbusi bilan korxona xodimlari va ularning oila a'zolari uchun joriy yilning 15 dekabr kuni Toshkent shahridagi Temuriylar tarixi davlat muzeyiga ekskursiya uyushtirildi.
Ushbu ekskursiya xodimlar va ularning oila a'zolarining dam olish kunlarini mazmunli va maroqli o'tkazishlari uchun sharoit yaratish, ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ularning ibratli hayoti va faoliyati, ilmiy-ijodiy merosini chuqur o‘rganish yoshlarimiz qalbida ajdodlarimiz ruhiga ehtirom, vatanga sadoqat, vatanparvarlik va fidoyilik tuyg‘ularini uyg‘otish maqsadida tashkil etildi.
Amir Temur markazlashgan davlatga asos solib, uning kuch-qudratini har tomonlama mustahkamlab va rivojlantirib, shon-shuhratini butun jahonga yoydi, buyuk saltanatning hukmdori sifatida millatlar va xalqlarni birlashtirgan. Uning davrida madaniyat, ilm-fan, me’morchilik, tasviriy san’at, musiqa, she’riyat yuqori cho‘qqilarga ko‘tarilgan. Davlatimiz mustaqilligining birinchi kunlaridanoq asrlar davomida ajdodlarimiz yaratgan ulkan, bebaho ma’naviy va madaniy merosni tiklashga katta ahamiyat berildi. Temuriylar tarixi davlat muzeyi 1996-yil 18-oktyabr kuni Sohibqiron Amir Temur tavalludining
660-yilligi munosabati bilan Amir Temur xiyoboniga tutash hududda Temuriylar tarixi davlat muzeyi barpo etilgan. 

Binoning tashqi ko‘rinishiga, salobatli moviy gumbaziga nazar tashlagan tomoshabin ko‘z o‘ngida shaklan Samarqanddagi Go‘ri Amir maqbarasi namoyon bo‘ladi. Muzey o‘rta asrlar me’morchiligi qonun-qoidalari an’analaridan foydalanib qurilsada, zamonamiz ruhiga mos holda yaratilgan.

Bugungi kunda muzey fondidagi ashyolar 5000 ga yaqindir. Muzey ekspozitsiyasidan 2000 dan ortiq eksponat o‘rin olgan. Hozirda muzey ekspozitsiyasida namoyish etilayotgan va fondlarida saqlanayotgan eksponatlar Temuriylar tarixidan so‘zlovchi noyob yodgorliklardir.

Muzey ekspozitsiyadan Amir Temurning shajarasi, hokimiyat tepasga kelishi, harbiy yurishlari, diplomatik munosabatlari, savdo-sotiq, hunarmandchilik, obodonchilik, ilm-fanni rivojlantirish va mashhur temuriy hukmdorlar haqida hikoya qiluvchi eksponatlar (xaritalar, qurol-aslahalar, kumush va mis tangalar, miniatyuralar. noyob qo‘lyozmalar, kulolchilik, misgarlik, zargarlik buyumlari, matolar va h.k.) o‘rin olgan. Amir Temur va temuriylar davrida me’morchilik san’atining yuksak rivojlanganligini aks ettiruvchi me’moriy obidalar: Oqsaroy, Ahmad Yassaviy maqbarasi, Bibixonim jome masjidi, Ulug‘bek madrasasi, Ulug‘bek rasadxonasi, Go‘ri Amir, Tojmahal maqbaralarining maketlari ham namoyishga qo‘yilgan. Shuningdek, Islom Abdug‘aniyevich Karimovning Amir Temurga bo‘lgan hurmatini ifodalovchi dil so‘zlari va “Temur tuzuklari” dan keltirilgan iboralar eksponatlarni mazmunan boyitgan.

Muzeyda to‘plangan ashyolar, olib borilayotgan tadqiqotlar asosida o‘zbek xalqining davlatchiligi tarixi, boy moddiy va ma’naviy merosi keng jamoatchilikka namoyish qilinmoqda.

Ushbu bino nafaqat muzey sifatida, balki Amir Temur va Temuriylar davri tarixini o‘rganuvchi ilmiy markaz sifatida xalqimizning davlatchilik tarixini yoritib beruvchi, ajdodlarimizning boy moddiy va ma’naviy merosini o‘zida mujassamlovchi va ilmiy tadqiq etib kelajak avlodga yetkazuvchi yagona ob’ekt ham hisoblanadi.

Korxona xodimlari va ularning oila a'zolari muzey xodimi hamrohligida muzeydan o'rin olgan eksponatlar bilan birma-bir tanishib chiqdilar.

Muzey xodimlarining Vatanga muhabbat va cheksiz sadoqat, fidoyilik, ajdodlarimizning qahramonona tarixi va boy ma’naviy merosidan faxrlanish tuyg‘ularini shakllantirishga qaratilgan suhbati hamda Temuriylar tarixini aks ettirgan eksponatlar “RRTM” DUK xodimlarida katta taassurotlar qoldirdi. Bu muzey xalqimiz hayotida, ayniqsa yoshlar ma’naviy dunyoqarashini shakllantirish, ularda ajdodlariga nisbatan mehr, iftixor tuyg‘ularini shakllantirishga xizmat qiladi. Muzeydan olingan taassurot, bilimlar kishiga estetik hamda ma’naviy zavq bag‘ishlaydi.