A
x up auto down

«RRTM» DUKda Turkmaniston Aloqa vazirligi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo’lib o’tdi

22 may kuni O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga Turkmaniston Respublikasi Aloqa vaziri o‘rinbosari Garayev Ashir Muradovich boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Delegatsiya a’zolari 23 may kuni “Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” davlat unitar korxonasiga tashrif buyurib, Korxona faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.  Tashrif chog’ida “RRTM” DUK va Turkmaniston Respublikasining  delegatsiya a’zolari ishtirokida uchrashuv bo’lib o’tdi.

Uchrashuvda ta’kidlangani kabi, O’zbekiston va Turkmaniston davlatlari o’rtasida o’zaro hamkorlikning yangi sahifasi ochilib, barcha yo’nalishlar bo’yicha yuqori darajali munosabatlar o’rnatilmoqda. Jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi o’zaro aloqalar tobora rivojlanmoqda.

Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlari asosida “O‘zbekiston Respublikasi yer usti raqamli televideniye tarmog‘ini rivojlantirish” investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar doirasida Respublikaning tog‘li va borish qiyin bo‘lgan aholi yashash punktlariga sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimlaridan foydalanib, kam quvvatli raqamli teleuzatkichlar orqali aholiga raqamli teledasturlarni uzatib berish rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan, uchrashuvda “RRTM” DUK va “Tȕrkmen Hemrasy” kosmik aloqa tashkiloti o‘rtasida sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimi orqali teleradioeshittirishni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari va ushbu yo‘nalishda hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida delegatsiya a’zolari iliq qabul, ochiq va samimiy ruhda o’tgan uchrashuv uchun minnatdorchilik bildirishdi.